Toshkent viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishi oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament axborot xizmati xabar bermoqda.
Departamentning Zangiota tumani bo‘limi, DXX va Bojxona xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotish bilan shug‘ullanib kelgan shaxs qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, A.X. Toshkent shaharining Uchtepa tumanida joylashgan uylarni ijaraga olib, ularda xorijda ishlab chiqarilgan katta miqdordagi dori vositalarini yashirin tarzda saqlab kelgan.

Tekshiruv davomida umumiy qiymati 1,5 milliard so‘m bo‘lgan quyidagi dori vositalari aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olindi:
- 15 330 dona “Pregabalin Capsules”,
- 1 196 dona “Chorionig Gonadotropxin Injection”,
- 1 175 dona “Sodium Chloride Injection I.P”,
- 501 dona “Iron Sucrose Injection”,
- dorilarni qadoqlash uchun mo‘ljallangan 39 turdagi 4 125 dona quti va yo‘riqnomalar.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu dori vositalarining tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning mavjudligi ularni faqat belgilangan tibbiy tartib asosida muomalaga kiritishga ruxsat borligini anglatadi. A.X. esa ularni noqonuniy ravishda saqlab, amalga oshirishga tayyorlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini BAD sifatida sotish uchun qadoqlagan shaxs qo‘lga olingani haqida yozgan edi.

