2025-yil mobil geyming uchun eng kuchli yillardan biri bo‘ldi. Yangi avlod flagman smartfonlar kuchli protsessorlar, yuqori chastotali displeylar, ilg‘or sovitish tizimlari va katta sig‘imli batareyalar bilan jihozlandi. Gizmochina 2025-yilning eng yaxshi o‘yin smartfonlari ro‘yxatini taqdim etdi.
Red Magic 11 Pro+

Reytingda birinchi o‘rinni Red Magic 11 Pro+ egalladi. Qurilma geyming uchun maxsus yaratilgan dizayni va texnik imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Smartfon 6,85 dyuymli AMOLED ekran va 144 Hz yangilanish tezligiga ega. U Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori, 24 GB tezkor xotira va 1 TB doimiy xotira bilan ishlaydi. Eng muhim jihati — aktiv sovitish ventilyatori va suyuq sovitish tizimi bo‘lib, uzoq o‘yinlarda barqaror ishlashni ta’minlaydi.
iPhone 17 Pro Max

Ikkinchi o‘rinda iPhone 17 Pro Max qayd etildi. Apple qurilmasi rasmiy gaming telefon bo‘lmasa-da, yuqori unumdorligi bilan ajralib turadi. iOS platformasida Resident Evil 4, Assassin’s Creed Mirage va Death Stranding kabi konsol darajasidagi o‘yinlar ishlashi bu modelning asosiy ustunligidir. Kuchli A19 Pro chipi va uzoq ishlovchi batareya geymerlar uchun qulaylik yaratadi.
iQOO 15

Uchinchi o‘rinni iQOO 15 egalladi. Smartfon flagman darajadagi quvvatni nisbatan qulay narxda taklif etadi. Model Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori va 6,85 dyuymli LTPO AMOLED ekran bilan jihozlangan. Asosiy afzalligi — 7000 mA/soat sig‘imli batareya bo‘lib, uzoq vaqt o‘yin o‘ynash imkonini beradi.
OnePlus 15

To‘rtinchi pog‘onada OnePlus 15 joy oldi. Qurilma 165 Hz yangilanish tezligiga ega displeyi bilan raqobatchilaridan ustun turadi. Smartfon 7300 mA/soat batareya, 120 Vt tezkor quvvatlash va maxsus bypass charging funksiyasiga ega. Bu tizim o‘yin vaqtida qizib ketishni kamaytiradi.
Honor GT Pro

Reytingni Honor GT Pro yakunladi. U ham Snapdragon 8 Elite protsessori va 7200 mA/soat batareya bilan jihozlangan. Model uch bosqichli sovitish tizimi va sun’iy intellekt asosidagi harorat nazorati bilan professional geymerlar uchun mo‘ljallangan.
Qaynoq24.uz 2025-yilning eng yaxshi smartfonlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.

