Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yil uchun davlat budjeti loyihasini jamoatchilikka taqdim etdi. Hujjatda kelgusi yilda ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarni oshirish uchun 6 trillion so‘m ajratilishi belgilangan. Mablag‘ xizmatlar narxining o‘sishi va yangi ish o‘rinlari yaratish bilan bog‘liq xarajatlarni ham qamrab oladi.
Loyihada aholining real daromadlarini inflyatsiya ta’siridan himoya qilish maqsadida maosh va pensiyalarni inflyatsiya darajasidan yuqoriroq sur’atda oshirish rejalashtirilmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2026-yilda inflyatsiya 7 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, davlat xizmatchilari maoshini 1 foizga oshirish uchun 1,697 trln so‘m, pensiyalarni 1 foizga oshirish uchun esa 832 mlrd so‘m talab etiladi. Kelasi yilda ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar bo‘yicha umumiy xarajatlar 172,8 trln so‘mni tashkil etadi — bu joriy yilga nisbatan 18,5 trln so‘mga ko‘p.
Budjet xarajatlarida maosh bilan bog‘liq to‘lovlar salmoqli ulushga ega bo‘lib, umumiy xarajatlarning 42,9 foizini tashkil etadi. Shuningdek, 2026-yilda stipendiyalar uchun 2,2 trln so‘m, pensiyalar uchun 86,1 trln so‘m, nafaqalar uchun esa 14 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.
Avvalgi Fiskal strategiyada ham maosh va pensiyalarni kamida 6–7 foizga oshirish ko‘zda tutilgan edi.
Qaynoq24.uz tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmati joriy etilishi haqida yozgan edi.

