Toshkent shahri va Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda “Xavfsizlik” telegram kanalida ma’lum qilindi.
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Yashnobod tumanida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan, avval Jinoyat kodeksining 276-moddasi bilan sudlangan shaxs hamda Toshkent viloyati Qibray tumanida istiqomat qiluvchi, 2006 yilda tug‘ilgan fuqaro qo‘lga olindi.
Ularning yonidan jami 507 dona “Pregabalin” va 52 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxslar tomonidan ijaraga olingan xonadon holislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv jarayonida ushbu manzilda noqonuniy narkolaboratoriya tashkil etilgani aniqlandi.
Natijada 4 kilogramm 326 gramm kukun ko‘rinishidagi “Pregabalin”, 200 gramm “Tropikamid”, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni tayyorlashda foydalanilgan 71 kilogramm kimyoviy modda, shuningdek, ularni qadoqlash uchun mo‘ljallangan flakon va kapsulalar hujjatlashtirib olindi.
Qayd etilishicha, mazkur shaxslar narkolaboratoriya tashkil etgan zahoti qo‘lga olingan bo‘lib, sotish maqsadida tayyorlangan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni aholiga tarqatishga ulgurmagan. Shu tariqa 208 ming dona bir martalik dozani muomalaga chiqarilishining oldi olindi.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 251¹-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Qonunchilikka ko‘ra, bunday jinoyatni sodir etgan shaxslar 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Toshkent viloyatida 30 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositasi musodara qilindi
Yana bir holatda Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Bojxona boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi giyohvandlik vositasi noqonuniy olib kirilishining oldi olindi.
Aniqlanishicha, Tojikiston Respublikasidan olib kelingan giyohvandlik vositasi Termiz tumanida yashovchi, 1968 yilda tug‘ilgan, ilgari giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtomashina orqali olib o‘tilgan.
Avtomobil “Bekobod-avto” chegara bojxona postida tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruv jarayonida transport vositasining yoqilg‘i baki ichiga yashirilgan jami 30 kilogrammdan ortiq “opiy” moddasi aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirib olindi.
Mazkur holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Qaynoq24.uz Qashqadaryoda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangani haqida yozgan edi.

