2-aprel kuni Buyuk Britaniya tashabbusi bilan qariyb 40 davlat Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini tiklash masalasini muhokama qildi. Uchrashuv videokonferensiya formatida o‘tdi va asosiy e’tibor diplomatik yechimlarga qaratildi.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Yvette Cooper yig‘ilish boshida davlatlar harbiy choralarni emas, balki diplomatik va iqtisodiy bosim vositalarini ishga solishga intilayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, maqsad kemalar uchun xavfsiz sharoit yaratish va sug‘urta xarajatlarini kamaytirishdan iborat.
Hozirda Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat Eron qo‘lida. London tashabbusi bilan o‘tgan muzokaralarda Germaniya, Fransiya, Kanada, BAA va Hindiston ishtirok etdi. AQSh esa uchrashuvda qatnashmadi. Kuper Tehron siyosatini beparvo deb atadi. Unga ko‘ra, bo‘g‘ozning bloklanishi global iqtisodiy xavfsizlikka tahdid solmoqda. Vazir Eronni xalqaro dengiz yo‘lini egallab, jahon iqtisodiyotini bosim ostida ushlab turishda aybladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa Hormuz bo‘g‘ozi xavfsizligini ta’minlash boshqa davlatlarning vazifasi ekanini bir necha bor bildirgan. AQSh va Isroil fevral oxirida Eronga qarshi harbiy harakat boshlagan edi. Shundan so‘ng Eron tankerlarni nishonga olish bilan tahdid qildi.
Bu holat Fors ko‘rfazidan, ayniqsa Osiyoga energiya yetkazib berishda uzilishlarga olib keldi. Natijada energiya narxlari keskin oshdi. AQSh Yaqin Sharq neftiga qaram bo‘lmasa-da, mamlakat ichida ham benzin narxi ko‘tarildi.
Yevropa davlatlari urushda qatnashishni rad etmoqda. Ular faqat mojaro tugagandan keyin harakat qilish niyatida. Emmanuel Makron harbiy yo‘l bilan bo‘g‘ozni ochish imkoniyatiga shubha bildirdi. Germaniya kansleri Friedrix Merz esa ehtimoliy operatsiya uchun mina tozalovchi kemalar ajratishni taklif qildi. Biroq hozircha bo‘g‘oz minalanganmi yoki yo‘q aniq emas.
Qaynoq24.uz Tramp urush xarajatlarini arab davlatlariga yuklashni ko‘rib chiqayotgani haqida yozgan edi.

