Smartfon bozori kundan kunga turli xil modellar bilan boyimoqda. Xorijiy Gizmochina texnologiya nashri tomonidan 500 dollargacha bo‘lgan eng yaxshi smartfonlar ro‘yxatini tuzildi.
Google Pixel 10a
Google Pixel 10a Google’ning A-seriyasidagi an’anani davom ettiradi. Bu model murakkab funksiyalar bilan emas, balki sodda va barqaror ishlashi bilan mashhur. Telefonning asosiy ustunligi kamera va dasturiy optimizatsiya hisoblanadi. Kamera sensori boshqa raqobatchilar kabi katta bo‘lmasa ham, Google’ning tasvirni qayta ishlash algoritmlari yuqori sifatli suratlar olishga yordam beradi.

Smartfon 120 Hz yangilanish tezligiga ega OLED displey bilan jihozlangan. Ekran yorqinligi 2000 nitgacha yetadi. Qurilmada Tensor G4 protsessori ishlatilgan. Bu chip yangi Tensor G5 kabi kuchli bo‘lmasa ham, kundalik vazifalar uchun yetarli darajada tez ishlaydi. Batareya sig‘imi 5100 mA/soat bo‘lib, 30 Vt tezkor simli va 10 Vt simsiz zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Pixel 10a ko‘plab foydalanuvchilar uchun $500 dan arzon segmentdagi eng ishonchli tanlovlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Nothing Phone (4a) Pro
Nothing Phone (4a) Pro o‘zining noodatiy dizayni bilan ajralib turadi. Kompaniya o‘ziga xos uslubini saqlab qolgan holda yangi modelni yanada mukammallashtirdi. Qurilmaning orqa qismida 137 ta LED’dan iborat Glyph Matrix joylashgan. Bu panel turli bildirishnomalar, taymer yoki boshqa ma’lumotlarni ko‘rsatishi mumkin.

Telefon Snapdragon 7 Gen 4 protsessori bilan ishlaydi. Old tomonda 6,83 dyuymli AMOLED displey joylashgan bo‘lib, yangilanish tezligi 144 Hz ga teng. Ekran yorqinligi 5000 nitgacha chiqadi. Kamera tizimi ham ancha kuchli. Asosiy kamera 50 megapikselli Sony Lytia 700C sensori bilan ishlaydi va optik stabilizatsiyaga ega. Bundan tashqari, 3,5 karra optik zoomli 50 megapikselli periskop kamera ham mavjud. Tizimda yana 8 megapikselli ultra keng burchakli kamera ham bor. Minimalistik interfeysli Nothing OS tizimi telefonning tez ishlashiga yordam beradi.
OnePlus 15R
OnePlus 15R yuqori unumdorlikni arzonroq narxda taklif qiladigan model sifatida ishlab chiqilgan. Telefon Snapdragon 8 Gen 5 protsessori bilan jihozlangan. Bundan tashqari, sensorli boshqaruvni tezlashtiruvchi maxsus chip ham mavjud. Natijada ekranning sensor javob tezligi 3200 Hz ga yetadi.

Smartfon 6,83 dyuymli AMOLED displeyga ega. Ekran yangilanish tezligi 165 Hz ni tashkil qiladi. Qurilma HDR10+ va Dolby Vision texnologiyalarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Eng katta afzalliklardan biri esa batareyadir. Telefon 7400 mA/soat sig‘imli batareyaga ega bo‘lib, ko‘pincha ikki kungacha ishlashi mumkin. 80 Vt tezkor zaryadlash ham mavjud. Kamera tizimi 50 megapikselli Sony IMX906 asosiy sensor va 8 megapikselli ultra keng burchakli kameradan iborat.
Motorola Edge 70 Fusion
Motorola Edge 70 Fusion o‘rta segmentdagi eng muvozanatli modellardan biri hisoblanadi. Telefon kuchli protsessor, sifatli ekran va yaxshi batareya o‘rtasida muvozanatni saqlashga harakat qiladi.

Qurilmada Snapdragon 7s Gen 4 chipseti ishlatilgan. 6,78 dyuymli egri OLED displey esa silliq tasvirni ta’minlaydi. Telefon Android 16 operatsion tizimi bilan ishlaydi. Batareya sig‘imi 7000 mA/soat bo‘lib, 68 Vt tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, qisqa vaqt zaryadlash ham bir kunlik foydalanish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Kamera tizimida 50 megapikselli Sony Lytia 710 sensori ishlatilgan. Bundan tashqari, 13 megapikselli ultra keng burchakli kamera va makro funksiyasi ham mavjud.
Realme 16 Pro
Realme 16 Pro texnik ko‘rsatkichlarga urg‘u berilgan model hisoblanadi. Telefon katta batareya va yuqori aniqlikdagi kamera bilan ajralib turadi. Qurilmada 7000 mA/soat batareya mavjud bo‘lib, bir kundan ortiq ishlashi mumkin. 80 Vt tezkor zaryadlash ham qo‘llab-quvvatlanadi.

Old tomonda 6,78 dyuymli AMOLED displey joylashgan. Ekran 144 Hz yangilanish tezligiga ega. Yorqinlik darajasi esa 6500 nitgacha yetadi. Displey AGC DT Star D+ himoya oynasi bilan qoplangan. Kamera tizimida 200 megapikselli asosiy sensor va 8 megapikselli ultra keng burchakli kamera mavjud. Selfi kamerasi esa 50 megapikselli. Qurilma MediaTek Dimensity 7300 Max 5G protsessori bilan ishlaydi. Telefon 12 GB operativ xotira va 256 GB ichki xotira bilan taqdim etiladi.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy S26 seriyasi qanday displeyga ega ekanligi haqida yozgan edi.

