Samsung kompaniyasi o‘zining Samsung Messages ilovasini to‘liq yopishini e’lon qildi. Xizmat 2026-yil iyul oyidan boshlab ishlashdan to‘xtaydi.
Kompaniya foydalanuvchilarga Google Messages ilovasiga o‘tishni tavsiya qilmoqda. So‘nggi yillarda Samsung yangi Galaxy qurilmalarida aynan shu ilovani standart xabar almashish vositasi sifatida qo‘llay boshlagan edi.
Samsung va Google hamkorlikda Android qurilmalarida RCS texnologiyasini rivojlantirib kelmoqda. Shu sababli Google Messages funksiyalari kengroq va zamonaviyroq hisoblanadi.
Yangi ilova orqali foydalanuvchilar yuqori sifatli rasm va videolar yuborishi mumkin. Unda guruh chatlari, yozish jarayoni indikatori va o‘qilganlik belgisi mavjud. Shuningdek, sun’iy intellekt asosida spam va firibgarlik xabarlarini aniqlash funksiyasi ham qo‘shilgan.
Google Messages yana bir qulaylikni taklif qiladi. Bir martalik parollar yozilgan xabarlar avtomatik tarzda 24 soatdan keyin o‘chiriladi. Ilova kompyuter va boshqa qurilmalar bilan sinxron ishlash imkoniyatini ham beradi.
Qaynoq24.uz Samsung kompaniyasining yangi smartfoni 260 dollarga arzonlagani haqida yozgan edi.

