Germaniyaning Hamburg shahri aholisi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamadi. Yakshanba, 31-may kuni bo‘lib o‘tgan referendumda ko‘pchilik bunga qarshi ovoz berdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ovoz berganlarning 54,9 foizi Olimpiada o‘tkazishga qarshi chiqqan. 45,1 foiz aholi esa tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Hamburg burgomistri Peter Chentsher ovozlar to‘liq sanab chiqilmasidan ham natija aniq ekanini bildirdi. U shaharning Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha arizasi qaytarib olinishi haqida Germaniya sport rasmiylariga ma’lum qildi.
Referendumda 16 yoshdan katta 1 315 800 nafar Hamburg aholisi ovoz berish huquqiga ega edi. Saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ovoz berishda qariyb 650 ming kishi qatnashgan. Bu umumiy saylovchilarning 49,5 foiziga teng.
Bu Hamburgda Olimpiada tarafdorlari uchun ikkinchi mag‘lubiyat bo‘ldi. 2015-yilda ham shahar aholisi Olimpiada uchun ariza topshirishga qarshi chiqqan edi. O‘shanda 51,6 foiz kishi qarshi, 48,4 foiz esa yoqlab ovoz bergan.
Hamburgning arizasi rad etilgach, Germaniya nomidan Olimpiadaga mezbonlik qilish uchun uch nomzod qolmoqda. Bular Myunxen, Berlin va markazi Kyoln bo‘lgan Reyn-Rur mintaqasidir.
Germaniya 2036, 2040 yoki 2044-yilgi yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Yakuniy qaror Germaniya Olimpiya sport ittifoqi tomonidan 26-sentabr kuni qabul qilinadi.
Qaynoq24.uz O‘zbekistonda paralimpiya terma jamoalari markazi tashkil etilishi haqida yozgan edi.


