Samsung‘ning yangi Samsung Galaxy Z Fold 8 Wide buklama smartfoni haqida ilk texnik ma’lumotlar tarqaldi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi. Qurilma Galaxy Z Fold 7’ga qaraganda yengilroq bo‘lishi aytilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy Z Fold 8 Wide ichki ekrani 7,8 dyuym bo‘ladi. U 4:3 nisbatdagi displeyga ega bo‘lishi mumkin. Tashqi ekran esa 5,4 dyuymni tashkil etadi. Kengroq format matn o‘qish, video ko‘rish va bir nechta ilova bilan ishlashni qulaylashtiradi.
Smartfon og‘irligi 201 gramm bo‘lishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, Galaxy Z Fold 7 og‘irligi 215 gramm edi. Shu bilan birga, qurilma 4 800 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanishi mumkin. U 45 W tezkor simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi aytilmoqda.
Samsung buklama ekran burmasini ham yaxshilagan bo‘lishi mumkin. Insayderlarga ko‘ra, yangi modeldagi burma Oppo‘ning so‘nggi buklama smartfonlari darajasida yoki undan ham yaxshi bo‘ladi. Kamera qismida katta o‘zgarish bo‘lmasligi mumkin. Galaxy Z Fold 8 Wide 50 MP asosiy kamera va ultra keng burchakli kamera bilan chiqishi aytilmoqda.
Shuningdek, qurilma 24 MP formatida suratga olish rejimini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Bu haqda Ice Universe taxallusi bilan tanilgan insayder xabar bergan. Galaxy Z Fold 8 Wide’da 200 MP kamera bo‘lmasligi mumkin. Bu Samsung keng model va kutilayotgan Galaxy Z Fold 8 Ultra o‘rtasida farqni saqlab qolishini anglatadi.
Qurilma Snapdragon 8 Elite Gen 5 chipi bilan jihozlanishi kutilmoqda. Operativ xotira hajmi 16 GBgacha, ichki xotira esa 1 TB.gacha bo‘lishi mumkin.
Samsung Galaxy Z Fold 8 seriyasini 22-iyul kuni Londonda o‘tadigan Galaxy Unpacked tadbirida namoyish qilishi kutilmoqda. Hozircha bu ma’lumotlar rasmiy tasdiqlanmagan. Shu sababli texnik tafsilotlar kompaniya taqdimotigacha o‘zgarishi mumkin.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy S26+ smartfoni haqida yozgan edi.


