Dehlidagi yong‘inda kamida 21 kishi halok bo‘ldi

Foto: Reuters
Mohinur Rajabova
1 Daqiqa o‘qish

Hindiston poytaxti Dehli shahrida ko‘p qavatli binoda yong‘in chiqdi. Hodisa oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar jarohat oldi.

Yong‘in Dehlining janubidagi Malviya Nagar hududida joylashgan binoda sodir bo‘lgan. Mahalliy politsiya ma’lumotiga ko‘ra, binodan 40 dan ortiq odam qutqarilib, shifoxonalarga olib ketilgan.

Reuters xabariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 18 nafari xorijiy fuqarolar bo‘lgan. Ular orasida Bangladesh, Nigeriya, Mozambik va Liberiya fuqarolari borligi aytilmoqda. Rasmiylar qurbonlarning shaxsini aniqlash ishlarini davom ettirmoqda.

Bino bemorlar va ularning yaqinlari uchun mo‘ljallangan mehmonxona sifatida ishlagan bo‘lishi mumkin. U yerda Hindistonga davolanish uchun kelgan xorijliklar ham yashagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in binoning pastki qavatidagi restoran bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq hodisaning aniq sababi hozircha rasman e’lon qilinmadi.

Yong‘inni o‘chirishga sakkizta o‘t o‘chirish mashinasi jalb qilingan. Favqulodda xizmatlar olovni bir necha soat ichida nazoratga olgan. Guvohlarning aytishicha, ayrim odamlar yuqori qavatlardan sakrashga majbur bo‘lgan. Atrofdagi fuqarolar ularga yordam berish uchun yerga yumshoq buyumlar tashlagan.

Dehli hukumati bino belgilangan talablar asosida ishlaganmi yoki yo‘qligini tekshirmoqda. Rasmiylar qoidabuzarlik aniqlansa, aybdorlarga nisbatan jinoiy choralar ko‘rilishini bildirdi.

Qaynoq24.uz Hindistonda daydi fil 10 kun ichida 22 kishining umriga zomin bo‘lgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.