O‘zbekistonda ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat korxonalarida ayrim funksiyalarni autsorsing shartlari asosida tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Hukumatning 2026-yil 12-iyundagi 306-son qarori bilan “Ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat korxonalarida autsorsing xizmatlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat korxonalarida ayrim funksiyalarni tashqi ijrochilarga topshirish, ya’ni autsorsing asosida tashkil etish tartibini belgilaydi.
Hujjatga ko‘ra, autsorsing xizmati autsorserni aniqlash, korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, topshirilgan funksiyalarning sifatli bajarilishini ta’minlash hamda davlat buyurtmachisi funksiyalarini bajarish bilan band bo‘lgan xodimlar sonini qisqartirish shartlari asosida amalga oshiriladi.
Autsorsing xizmatlarini ko‘rsatishda ishtirokchilarga ham alohida talablar qo‘yiladi. Ular tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi, topshiriladigan funksiya yo‘nalishida kamida olti oy faoliyat yuritgan bo‘lishi, shartnomani bajarish uchun yetarli ish tajribasi va zarur resurslarga ega bo‘lishi kerak.
Shuningdek, ishtirokchining soliq va yig‘imlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lmasligi hamda sud qarorlari bo‘yicha bajarilmagan majburiyatlari mavjud emasligi talab etiladi.
Autsorsing xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat va monitoring davlat buyurtmachisi tomonidan amalga oshiriladi. Bu jarayon shartnomada belgilangan shartlar va muddatlar asosida olib boriladi.
Qaynoq24.uz prezident narkojinoyatlar uchun jazoni kuchaytiruvchi qonunni imzolagani haqida yozgan edi.


