O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi tasdiqlandi. Tegishli nizom hukumatning 25-iyundagi 327-son qarori bilan qabul qilindi.
Nizomga ko‘ra, akademiya magistraturasiga qabul kunduzgi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha amalga oshiriladi. Har ikki ta’lim shaklida ham o‘qish muddati bir yil etib belgilandi.
Magistraturaning kechki ta’lim shaklida o‘quv jarayoni odatda haftasiga besh kun tashkil etiladi. Haftalik o‘quv yuklamasi 20 akademik soatni tashkil qiladi.
Magistraturaga yurisprudensiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tamomlagan, shuningdek, magistraturaga qabul bo‘yicha turdosh oliy ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatiga kiruvchi yo‘nalishlarda bakalavr darajasiga ega shaxslar tanlov asosida qabul qilinadi.
Tanlov, qoida tariqasida, avgust oyida o‘tkaziladi. Tashqi abituriyentlar uchun magistraturaga qabul oliy ta’lim tashkilotlari magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi haqidagi nizom asosida, Akademiya qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Ichki abituriyentlar uchun qabul mutaxassislik fanlari bo‘yicha tanlov orqali tashkil etiladi. Agar abituriyentda xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat bo‘lmasa, u chet tilidan test topshiradi. Magistraturani tamomlagan bitiruvchilarga tegishli mutaxassislik bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beriladi.
Qaynoq24.uz xususiy kasbiy ta’limga 500 mlrd so‘m yo‘naltirilgani haqida yozgan edi.


