O‘zbekistonda yana 8 ta yirik IT park qurilishi boshlanadi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Jonibek Juraqulov
1 Daqiqa o‘qish

Prezident tomonidan raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, mamlakatning sakkiz shahrida umumiy maydoni 100 ming kvadrat metr bo‘lgan zamonaviy IT park barpo etiladi.

Yangi IT parklar Andijon, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Guliston, Chirchiq, Nurafshon va Navoiy shaharlarida quriladi. Loyihalar hisobiga 20 mingdan ortiq yigit-qizlar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Raqamli hukumat” markazida mamlakatdagi ilk superkompyuter klasteri ishga tushirilgani ma’lum qilindi. Kelgusi yilda uning quvvatini uch barobarga oshirish rejalashtirilgan.

Joriy yil davomida 20 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi. Yoshlar tarmoq va hududlardagi muammolarga sun’iy intellekt asosida yechim ishlab chiqishda superkompyuter klasteri hamda ushbu laboratoriyalardan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

So‘nggi yillarda Toshkent, Nukus, Qarshi, Termiz, Urganch va Farg‘onada zamonaviy IT parklar foydalanishga topshirilgan. O‘tgan hafta esa Yangi Namangan shahrida navbatdagi yirik IT loyihasiga start berildi.

Bundan tashqari, “Mening birinchi kompyuterim” dasturi ham yo‘lga qo‘yiladi. Dastur doirasida ehtiyojmand oilalardagi 10 ming nafar yoshning noutbuk xarid qilish xarajatining yarmi Raqamli texnologiyalar jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. Qolgan qismi uchun esa uch yil muddatga foizsiz ssuda ajratiladi.

Qaynoq24.uz harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarga ta’lim kreditlari berilishi haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.