Buyuk Britaniya 2 ming migrantdan so‘ng nazoratni kuchaytiradi

Foto: Jek Teylor / Reuters
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Bernem La-Mansh bo‘g‘ozi orqali kichik qayiqlarda mamlakatga noqonuniy kirayotgan migrantlar sonini qat’iy kamaytirishga va’da berdi. U 20-iyul kuni bosh vazir lavozimini egallaganidan buyon ushbu yo‘l orqali Britaniyaga 2 057 kishi yetib kelgan.

Bernemning ta’kidlashicha, jamoatchilik chegaralar nazorat qilinmayotgandek ko‘rinishidan norozi va hukumat bu boradagi nazoratni qayta tiklashi kerak. Shu bilan birga, rasmiy London boshpanaga muhtoj shaxslar uchun xavfsiz va qonuniy yo‘llarni yaratishni rejalashtirmoqda.

Hukumat fikricha, bunday imkoniyat odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlarning daromadini kamaytirishga yordam beradi.

Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash doirasida uyushgan migratsiya jinoyatlarini tergov qiladigan Milliy jinoyatchilik agentligi xodimlari soni 2025-yil boshidagi 376 nafardan qariyb 800 nafargacha oshirilgan. Bernem hukumat muayyan natijalarga erishayotganini, biroq bu ishlar yetarli emasligini bildirdi.

Rasmiy dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon La-Mansh orqali Britaniyaga 14 526 migrant kelgan. Bu 2025-yilning mos davridagidan 43 foiz kam. Biroq 29-iyul kuni bir sutkaning o‘zida 752 kishining qayiqlarda yetib kelishi joriy yil uchun eng yuqori kunlik ko‘rsatkich bo‘ldi.

Britaniya hukumati migratsiya siyosatini Ispaniyaning Seuta hududidagi inqiroz fonida kuchaytirmoqda. Bernem Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan chegara nazorati va noqonuniy migratsiya masalalari bo‘yicha muntazam muloqot olib borish zarurligini ta’kidladi.

Qaynoq24.uz Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer iste’foga chiqishini e’lon qilgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.