O‘zbekistonda 2025-yil yanvar–avgust oylarida umumiy ovqatlanish tarmog‘i korxonalari 1,1 trln so‘mdan ortiq soliq to‘lagan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29 foiz ko‘pdir. Ma’lumotlar Soliq qo‘mitasi tomonidan e’lon qilindi.
Soha ko‘rsatkichlarida o‘sish
2024-yilda 19 443 ta yuridik shaxs faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2025-yilda ularning soni 20 163 taga yetdi (+3,7%). Tovar aylanmasi 9,36 trln so‘mdan 12,78 trln so‘mga (+36,4%) oshgan. Soliq to‘lovlari esa 0,85 trln so‘mdan 1,10 trln so‘mga yetgan. Shu bilan birga, soliq imtiyozlari hajmi 21,5 foizga kamayib, 118,6 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Bu o‘sish asosan biznesning legallashuvi, real tovar aylanmasining ortishi va bank orqali hisob-kitoblarning ko‘paygani bilan izohlanadi.
Eng yirik to‘lovchilar kuchaymoqda
Soliq tushumlarining 19,4 foizi TOP-20 kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 17,1 foiz edi. Ularning umumiy tovar aylanmasi 2,87 trln so‘mga, to‘langan soliqlar esa 213,3 mlrd so‘mga yetgan.
2024-yilga nisbatan soliqlar 46,8 foizga oshgan, imtiyozlar esa 19 foizga kamaygan. Bu esa yirik tarmoq o‘yinchilarining soliqqa bog‘liqligi kamayganini va ular iqtisodiy faollik orqali o‘sishni ta’minlayotganini ko‘rsatadi.

Soliq turlari bo‘yicha o‘sish
Asosiy o‘sish QQS (61,4 mlrd → 88,9 mlrd so‘m, +44,8%) va jismoniy shaxslar daromad solig‘i (45 mlrd → 59,1 mlrd so‘m, +31,3%) hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu ishchi sonining ortishi, ularning rasmiy daromadlari va naqd pulsiz to‘lovlar ulushining oshganini bildiradi.

2025-yilda umumiy ovqatlanish sohasida yetakchilik “International Foodchain” kompaniyasiga o‘tdi — u O‘zbekistonda KFC brendi franchayzisi hisoblanadi. Kompaniya yil boshidan 62,4 mlrd so‘m soliq to‘lagan.
Ikkinchi o‘rinni 43,9 mlrd so‘m bilan “Mak Food Servis” (Evos) egalladi. Bu kompaniya 2024-yilda reytingda birinchi o‘rinda edi.

