O‘zbekistonning eng yirik chakana savdo tarmog‘i Korzinka IPOga chiqishi kutilmoqda. Bu haqda kompaniya asoschisi Zafar Hoshimov Bloomberg nashriga ma’lum qildi.
Bugun Korzinka daromad bo‘yicha mamlakatdagi eng yirik chakana savdo tarmog‘iga aylangan. So‘nggi to‘qqiz yil ichida kompaniya 20 ta do‘kondan 200 ta savdo markazigacha kengaydi va xorijiy investorlar ishonchini qozondi. Yaqinda Korzinka $100 mln miqdorida xalqaro sarmoya jalb qildi va Markaziy Osiyodagi eng yirik oziq-ovqat logistik markazini ishga tushirdi.

Toshkent chekkasida joylashgan 25 gektarlik yangi markaz kompaniyaning navbatdagi bosqichi sifatida ko‘rilmoqda. Bu majmua to‘rtta harorat zonasiga ega, 145 ta yuklash eshigi bilan jihozlangan va 600 ta do‘konni mahsulot bilan ta’minlash imkoniyatiga ega — bu hozirgi quvvatdan uch baravar ko‘pdir.
Zafar Xoshimov kompaniyani IPO (birlamchi aksiyalarni joylashtirish) orqali xalqaro moliya bozoriga olib chiqishni ham o‘ylamoqda, ammo u bu jarayon uchun eng to‘g‘ri vaqtni hali belgilamagan.

“O‘zbekistonda xavf-xatarlarni boshqarish mumkin. Mamlakat boshidan o‘tkazgan o‘zgarishlarni endi orqaga qaytarib bo‘lmaydi”, deya qayd etgan Hoshimov.
Korzinka bugungi kunda O‘zbekistonning iqtisodiy ochiqligi va biznes muhitidagi islohotlarning timsoliga aylangan.
Ma’lumot uchun, Korzinka — O‘zbekistondagi eng yirik supermarketlar tarmog‘i bo‘lib, aholining kundalik ehtiyoj tovarlarini sotish bilan shug‘ullanadi.

Tarmoq Anglesey Food kompaniyasiga tegishli bo‘lib, u 1996-yilda tashkil etilgan va mamlakatda supermarket formatida faoliyat yurita boshlagan ilk chakana savdo tarmoqlaridan biri hisoblanadi.
Dastlab kompaniya Anglesey Food brendi ostida “uy yonidagi do‘kon” (yaqin hudud uchun mo‘ljallangan kichik formatdagi savdo nuqtalari) tarzida ishlagan. 2005-yilda kompaniya o‘z nomini Korzinka.uz deb o‘zgartirib, zamonaviy supermarket tarmog‘i sifatida faoliyatini kengaytira boshladi.
2021-yil oktabr oyida Korzinka brendi to‘liq rebrending o‘tkazdi — rasmiy nomidan “.uz” qismini olib tashlab, hozirgi Korzinka nomi bilan faoliyatini davom ettirmoqda.

