Toshkentda barpo etilayotgan yangi xalqaro aeroport poytaxt bilan alohida metro liniyasi orqali bog‘lanadi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida efirga uzatilgan “Menimcha” dasturida ma’lum qilindi.
Yangi metro yo‘nalishining umumiy uzunligi 24 kilometrni tashkil etadi. U poytaxt va Yangi Toshkent o‘rtasida joylashadi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, shahar markazidan aeroport terminaligacha bo‘lgan yo‘l 25 daqiqa ichida bosib o‘tiladi.
Yangi aeroportni ishga tushirish hamda havo flotini 105 tadan 180 ta samolyotgacha kengaytirish mamlakat iqtisodiyotiga yiliga qariyb 770 mln dollar daromad keltirishi kutilmoqda.
Shuningdek, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida yangi terminalga shattllar (maxsus avtobuslar) qatnovi yo‘lga qo‘yiladi va u metro tarmog‘iga ulanadi.
Yangi metro liniyasi Toshkent transport tizimining muhim qismi bo‘lib, kelajakda poytaxt va Yangi Toshkent o‘rtasidagi harakatni ancha yengillashtiradi.

