AQSh Yevropa Ittifoqi (YI) tomonidan taklif etilgan Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga yordam sifatida ishlatish rejasini qo‘llab-quvvatlamadi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda. Vashington bu tashabbus global moliya bozorida barqarorlikka xavf solishi mumkinligini bildirgan.
O‘tgan hafta Vashingtonda o‘tgan G7 muzokaralari chog‘ida AQSh rasmiylari o‘zining ehtiyotkor pozitsiyasini Yevropa hamkorlariga yetkazgan. Ular hozircha bunday tashabbusda ishtirok etish majburiyatini olmayapti.
AQSh moliya vaziri Skott Bessent sentabr oyida AQSh hududida muzlatilgan 5 mlrd dollar miqdoridagi Rossiya aktivlaridan foydalanish imkoniyati mavjudligini bildirgan, biroq bu mablag‘larni yechib olish yoki sarflash to‘g‘risida qaror qabul qilinmaganini ta’kidlagan.
Yevropa Ittifoqining tashabbusi
Yevropa Ittifoqi Rossiya Markaziy bankining Yevropada muzlatilgan 200 mlrd yevro miqdoridagi aktivlarini Ukrainaga 140 mlrd yevro miqdorida foizsiz kredit sifatida yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Ushbu mablag‘lar Ukrainaga asosan harbiy xaridlar uchun berilishi kerak.
Yevropa tomoni fikricha, Ukraina bu kreditlarni faqat Rossiya urush tugagach va zararni qoplagandan so‘ng qaytaradi. Muzlatilgan mablag‘larning katta qismi Belgiyadagi “Euroclear” depozitariyida saqlanmoqda.
Turli pozitsiyalar
G7 davlatlari o‘rtasida bu masalada kelishmovchilik mavjud. Buyuk Britaniya va Kanada Yevropa tashabbusini qo‘llab-quvvatlasa, Yaponiya AQSh pozitsiyasiga yaqin turib, ehtiyotkor yondashuvni tanlagan.

Belgiya hukumati ham bu g‘oyaga shubha bilan qaramoqda — Bryussel bunday choralar yuridik muammolar keltirib chiqarishi va yevroning xalqaro nufuziga zarar yetkazishi mumkinligidan xavotirda.
Rossiya reaksiyasi
Kreml Yevropa Ittifoqining bu rejalarini keskin tanqid qilib, uni “mulkni tortib olish” va “ochiqchasiga o‘g‘irlik” deb atadi. Moskva bu qaror xalqaro huquq me’yorlarini buzishini ta’kidladi.
Mazkur masala G7 mamlakatlari o‘rtasida kelajakda ham asosiy bahs mavzusi bo‘lib qolishi kutilmoqda, chunki u global moliyaviy tizimning siyosiy xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

