2030-yilgacha dunyo iqtisodiyotida sun’iy intellekt ulushi 15 trillion dollarga yetadi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

2030-yilgacha dunyo iqtisodiyotida sun’iy intellekt ulushi 15 trillion dollarga yetadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishda ma’lum qilindi.

O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilindi. Qisqa vaqt ichida davlat xizmatlari, bank-moliya, jamoat xavfsizligi va transport sohalarida 30 dan ortiq pilot loyihalar ishga tushirildi. O‘tgan yili esa “Sun’iy intellektni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” tasdiqlanib, Raqamli texnologiyalar vazirligi tarkibida maxsus markaz tashkil etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bir yil ichida O‘zbekiston sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro reytingda 17 pog‘ona yuqorilab, hozirda 70-o‘rinni egalladi va Markaziy Osiyoda birinchi o‘ringa chiqdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 2030-yilgacha sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar hajmini 1,5 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan, biroq xalqaro ekspertlar O‘zbekiston salohiyatini 10 mlrd dollarga baholamoqda.

Davlat rahbari Raqamli texnologiyalar vazirligi faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligini aytib, barcha vazirlar, hokimlar va tarmoq rahbarlari haftada bir kunni aynan sun’iy intellekt sohasini rivojlantirishga bag‘ishlashi kerakligini ta’kidlagan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda so‘nggi yillarda ko‘plab korxonalar raqamlashtirish orqali xarajatlarini 10 foizgacha qisqartirayotgani, sun’iy intellektni joriy etish esa bu samaradorlikni yanada oshirishi ta’kidlandi. Adliya va soliq idoralari SI asosida 24 soatlik onlayn maslahat tizimini ishga tushirdi, Bojxona qo‘mitasi xavflarni boshqarish tizimini joriy etdi.

Geologiya sohasida esa sun’iy intellekt yordamida videotahlil tizimi yo‘lga qo‘yilib, rudadan olinadigan metall hajmini 1–2 foizga oshirish loyihasi tayyorlanmoqda. Bu, faqat mis qazib olishda, yiliga 20 million dollargacha qo‘shimcha daromad keltiradi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.