Islandiyada ilk bor chivinlar topildi. Bu haqda BBC Russian xabar berdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yil mamlakatda bahor fasli rekord darajada issiq kechgan.
Avvallari Islandiya Yer yuzidagi chivinlar uchramaydigan ikki joydan biri edi. Ikkinchisi hali ham Antarktida hisoblanadi.
Chivinlar poytaxt Reykyavikdan janubi-g‘arbda joylashgan Kyos muzlik vodiysida topilgan. Ularni mahalliy hasharot ixlosmandi Byorn Xyal’tason kashf qilgan. U kechasi kapalaklarni kuzatish maqsadida vino singdirilgan arqonlardan foydalanayotgan paytda chivinni payqab qolgan.
Xyal’tason 16-oktabr kuni o‘zining Facebook sahifasida ushbu topilma haqida yozib, hasharotni qizil vinoga botirilgan lenta ustidagi g‘alati pashsha deb ta’riflagan. Bu chivin urg‘ochi bo‘lib chiqqan. Keyingi kuni u yana bir erkak, undan so‘ng esa yana bir urg‘ochi chivinni tutishga muvaffaq bo‘lgan.
Topilgan uchta hasharot tahlil uchun Islandiya Tabiiy fanlar institutiga yuborilgan. Entomolog Mattias Alfredsson ularni Culiseta annulata turiga mansub deb aniqlagan. Bu — sovuq iqlimda ham omon qolishga qodir kam sonli chivin turlaridan biri.
“Men darhol bunday narsani ilgari hech qachon ko‘rmaganman, degan fikrga keldim”, — dedi Alfredsson mahalliy nashrga.
Qaynoq24.uz internet nashri Googlening Nyu-Yorkdagi ofisini burga bosgani haqida yozgan edi.

