AQShning yangi sanksiyalaridan so‘ng Hindiston Rossiya neftini import qilishni keskin kamaytirishga hozirlanmoqda. Bu haqda DW manbalarga tayanib xabar berdi.
Ushbu qaror AQSh va Hindiston o‘rtasidagi savdo kelishuvi yo‘lidagi eng katta to‘siqlardan birini olib tashlashi mumkin.
Hozirda Hindiston AQShga eksport qiladigan mahsulotlariga 50 foizgacha boj to‘laydi. Bu to‘lovlarning yarmi Rossiya neftini xarid qilayotgani uchun joriy qilingan. Yangi kelishuv doirasida Nyu-Dehli bosqichma-bosqich Rossiya neftini qisqartirish evaziga bu tariflarni boshqa Osiyo mamlakatlari darajasigacha tushirishni maqsad qilmoqda.
2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan so‘ng Hindiston Moskva neftining eng yirik xaridoriga aylangan edi. 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyida mamlakat kuniga o‘rtacha 1,7 million barrel neft import qilgan.
Xususiy va davlat kompaniyalari pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqmoqda.
Hindistonning eng yirik xususiy kompaniyasi Reliance Industries Rossiya neftini import qilishni qisqartirishi yoki to‘xtatishi mumkin.

Shuningdek, Indian Oil Corp, Bharat Petroleum Corp va Hindustan Petroleum Corp kabi davlat kompaniyalari ham AQSh sanksiyalaridan keyin “Rosneft” va “Lukoyl”dan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berilmasligiga ishonch hosil qilish uchun shartnomalarini qayta ko‘rib chiqmoqda.
Manbalar so‘zlariga ko‘ra, neft importi katta miqyosda qisqaradi, ammo to‘liq to‘xtamaydi. “Hozircha ayrim vositachilar orqali yetkazib berish davom etadi. Hammasi banklarning to‘lovlarni tasdiqlashiga bog‘liq. Agar to‘lovlar o‘tsa, import bo‘ladi, aks holda nolga tenglashadi”, dedi manbalardan biri.
AQSh prezidenti Donald Tramp yaqinda o‘zining ikkinchi prezidentlik muddatida ilk marta Ukrainadagi urush sabab Rossiyaning “Lukoyl” va “Rosneft” kompaniyalariga sanksiyalar joriy qildi. AQSh Moliya vazirligi kompaniyalarga 21-noyabrgacha barcha bitimlarni yakunlash uchun muddat bergan.
Reliance yangi manbalar izlamoqda

Milliarder Mukesh Ambaniga tegishli Reliance kompaniyasi dunyodagi eng yirik neftni qayta ishlash majmuasiga egalik qiladi. Kompaniya “Rosneft” bilan kuniga 500 ming barrelga yaqin neft yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomaga ega edi.
So‘nggi kunlarda u Yaqin Sharq va Braziliyadan spot bozor orqali neft xarid qila boshladi. Bu Rossiya hajmlarini qisman almashtirishga yordam bermoqda. Savdogarlarning aytishicha, kompaniya hozirda yangi doimiy yetkazib beruvchilarni izlamoqda.
Shuningdek, Nayara Energy kompaniyasi ham “Rosneft” bilan bog‘liq bo‘lib, Rossiyadan neft olib keladi. Shu orada Brent markali neft narxi payshanba kuni 3 foizdan ortiq ko‘tarilib, sanksiyalar fonida bozor faolligini oshirdi.
Qaynoq24.uz nashri Dmitriy Medvedevning AQSh va Rossiya munosabatlari haqidagi fikrini yozgan edi.

