O‘zbekiston BMTning Suv va sog‘liq bo‘yicha protokoliga qo‘shildi. Bu haqda BMT saytida xabar berildi. Hujjat suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena tizimlarini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, unga hozirda 29 davlat a’zo.
Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassisi Olga Mirshinaning aytishicha, O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi va suv ta’minotidagi muammolardan eng ko‘p ta’sir ko‘rayotgan hududlardan biri. Shu sabab protokol mamlakat uchun sanitariya-gigiyena standartlarini jamoat joylarida keng joriy etishda muhim huquqiy vosita bo‘ladi.
Mazkur protokol ekologiya, suv resurslari va sog‘liqni saqlash sohalarini bevosita bog‘laydigan yagona xalqaro hujjat hisoblanadi.

BMTning Suv va sog‘liq bo‘yicha protokoli haqida asosiy faktlar
BMTning Suv va sog‘liq bo‘yicha protokoli 1999-yilda qabul qilingan va 2005-yilda kuchga kirgan xalqaro hujjatdir. Protokol suv resurslarini boshqarish, ichimlik suvi xavfsizligi, sanitariya va gigiyena tizimlarini yaxshilashga qaratilgan. U BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YEIK) va Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (VOZ) hamkorligida ishlab chiqilgan.
Hujjat bugungi kunda 29 davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan.
Protokolning asosiy maqsadi aholini xavfsiz ichimlik suvi bilan ta’minlash, suv orqali yuqadigan kasalliklarning oldini olish va ekologik xavfsizlikni mustahkamlash sanaladi.
Protokol davlatlardan aniq maqsadlar belgilashni va ularning bajarilishini muntazam hisobotlar orqali nazorat qilishni talab qiladi. Eng muhim jihati shundaki, hujjat xalqaro darajada huquqiy majburiy kuchga ega bo‘lgan yagona bitim bo‘lib, ekologiya, suv resurslari va sog‘liqni saqlash sohalarini bevosita bog‘laydi.
Ushbu protokol yordamida a’zo davlatlar suv sifatini yaxshilaydi, sanitariya-me’yorlarini kuchaytiradi va iqlim o‘zgarishining suv ta’minotiga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni kengaytiradi.
Qaynoq24.uz nashri O‘zbekiston Qirg‘iziston mineral suvi importini deyarli to‘rt barobarga oshirgani haqida yozgan edi.

