Adliya vazirligi “Davlat moliyaviy nazorat organlari va ichki audit xizmatlari tomonidan Hisob palatasining ‘Davlat auditi’ dasturiy kompleksidan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Nizomga ko‘ra, “Davlat auditi” dasturidan foydalanishning asosiy vazifalariga nazorat va audit tadbirlarini ro‘yxatga olish, shuningdek, davlat moliyaviy nazorat organlari hamda ichki audit xizmatlarining yillik rejalariga kiritiladigan barcha audit tadbirlarini majburiy tartibda Hisob palatasi bilan kelishish kiradi.
Dasturda ishtirokchi tashkilotlar quyidagi toifalarda ro‘yxatdan o‘tkaziladi va ularga mos ravishda kirish huquqlari belgilanadi:
- davlat moliyaviy nazorat organlari hamda davlat tashkilotlari rahbari yoki ularning o‘rinbosarlari — “tasdiqlovchi” huquqiga ega bo‘ladi;
- rahbar o‘rinbosarlari va tarkibiy bo‘linma boshliqlari — “ma’qullovchi” huquqiga ega;
- moliyaviy nazorat organlari va ichki audit xizmatlarining ikki nafargacha xodimi — “operator” sifatida ro‘yxatga olinadi;
- “operator” vakolati berilmagan boshqa xodimlarga — “foydalanuvchi” huquqi beriladi.
Davlat organlari va tashkilotlari “Davlat auditi” dasturida ro‘yxatdan o‘tish uchun Hisob palatasiga maxsus so‘rovnoma taqdim etadi.
Nizomga muvofiq, dasturda ro‘yxatga olinmagan har qanday nazorat yoki audit tadbiri noqonuniy hisoblanadi.
Qaynoq24.uz nashri xorijga chiqish pasportini olish narxi haqida yozgan edi.

