BBC Trampdan uzr so‘radi. Bunga «Panorama» dasturida uning 2021-yil 6-yanvardagi nutqi noto‘g‘ri tahrirlangani sabab bo‘lgan. Bu haqda telekanal saytida e’lon qilindi.
Korporatsiya noto‘g‘ri montaj nutqni bir butun ko‘rinishda aks ettirib, Tramp go‘yoki bevosita zo‘ravonlikka chaqirgan degan tasavvur uyg‘otganini tan oldi. BBC ushbu 2024-yilda efirga chiqqan dastur endi qayta ko‘rsatilmasligini ma’lum qildi.
Trampning yuristlari BBC’ni 1 mlrd dollar miqdorida tovon puli to‘lashga majburlash uchun sudga murojaat qilish bilan tahdid qilgan. Ular korporatsiyadan rasmiy raddiya, uzr va kompensatsiya talab qilmoqda. Mojaro BBC bosh direktori Tim Deyvi va yangiliklar xizmati rahbari Debora Ternessning iste’fosiga ham olib keldi.
BBC Trampning huquqshunoslariga javob xati yuborganini bildirdi. Shuningdek, BBC rahbari Samir Shoh Oq uyga shaxsiy xat yo‘llab, 6-yanvardagi nutq tahriri uchun Trampdan kechirim so‘raganini aytgan. Korporatsiya uzr so‘ragan bo‘lsa-da, tuhmat bo‘yicha da’vo qo‘zg‘atish uchun asos yo‘qligini ta’kidladi.
Tramp Fox News’ga bergan intervyusida nutqi buzib ko‘rsatilganini aytib, BBC tomoshabinlarni aldaganini ta’kidlagan. Trampning yuristlari hujjatda to‘liq rad etish, rasmiy kechirim va yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya talab qilmoqda.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Isroil AQSh bilan 20 yillik harbiy yordam kelishuvi bo‘yicha muzokara boshlagani haqida yozgan edi.

