Italiyaning Gorizia shahri yaqinidagi yuz bergan kuchli yomg‘irlar sabab ikki kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar bermoqda.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, ikki kishi bedarak yo‘qolgani aytilmoqda. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan bir kishini tirik holda olib chiqqan. U Udine shahridagi shifoxonaga singan oyog‘i bilan yetkazilgan.
Bedarak yo‘qolganlar — 35 yoshli erkak va yoshi katta ayol. Gorizia gubernatori Ester Fedullo ma’lumotiga ko‘ra, erkak ayolni qutqarishga uringanda kuchli suv oqimi uni oqizib ketgan.
So‘nggi kunlarda Italiya shimoli-g‘arbiy va shimoli-sharqiy hududlari hamda Sloveniya g‘arbida kuchli yomg‘ir yog‘ib, o‘nlab ko‘chkilar va suv toshqinlariga sabab bo‘ldi. Friuli Venezia Giulia mintaqasidagi Cormonsda ko‘chki oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. Romans d’Isonzo hududidan 300 ga yaqin aholi xavfsiz joyga ko‘chirildi.
Liguriya mintaqasining Genuya shahrida devor qulab tushgani va temiryo‘l qatnovida uzilishlar kuzatildi. Sloveniya hududining Gorizia statistik regionida ko‘chki yo‘llarni to‘sib qo‘ydi, bir ko‘prik vayron bo‘ldi, Višnjevik qishlog‘ida esa 200 ga yaqin aholining elektr ta’minoti uzildi.
Meteorologlarning xabariga ko‘ra, 18-noyabr kuni Italiya markaziy va janubiy hududlarida yana o‘rtacha yog‘ingarchilik kutilmoqda. 19-noyabrda Italiya shimolida qor yog‘ishi ehtimoli bor.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Ekvadordagi avtobus halokati oqibatida kamida 12 kishi vafot etgani haqida yozgan edi.

