Donald Tramp Tramp Saudiya AQSHga 1 trln dollar sarmoya kiritishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Oq uy saytida ma’lum qilindi. U valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan uchrashib, strategik aloqalarni yangi bosqichga ko‘targan bir qator yirik kelishuvlarni imzoladi.
Uchrashuv davomida Tramp may oyida erishilgan kelishuvlarga asoslangan yangi investitsiya oqimini e’lon qildi. Saudiya Arabistoni AQSh iqtisodiyotiga kiritiladigan sarmoyani deyarli 1 trln dollar miqdorigacha oshiradi. Bu savdo, texnologiya, energetika, mudofaa va infratuzilma yo‘nalishlarida o‘nlab yillarga mo‘ljallangan loyihalarni anglatadi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri yadro energetikasi bo‘ldi. Tomonlar fuqarolik yadro energetikasi bo‘yicha muzokaralar yakunlangani haqida qo‘shma deklaratsiya imzoladi. Bu hujjat Saudiya Arabistonining yadro tizimlari bo‘yicha asosiy hamkori aynan AQSh bo‘lishini tasdiqlaydi. Kelishuv barcha jarayonlar qat’iy yadro tarqalmasligi qoidalariga rioya qilingan holda amalga oshiriladi.
AQSh Saudiya Arabistoni bilan sun’iy intellekt bo‘yicha muhim memorandum imzoladi. Bu orqali Saudiya Amerika texnologiyalariga kirish imkoniga ega bo‘ladi, biroq AQSh xavfsizlik qoidalari buzilmasdan, barcha texnologik himoyalar saqlanib qoladi. Kelishuv global SI bozorida Amerika yetakchiligini yanada mustahkamlaydi.

Mudofaa yo‘nalishida Tramp Saudiya bilan yangi Strategik mudofaa kelishuviga erishdi. Ushbu hujjat 80 yildan beri davom etib kelayotgan hamkorlikni yanada kuchaytiradi. Kelishuv Amerika harbiy sanoatiga qo‘shimcha buyurtmalar yaratadi, Saudiya esa mintaqaviy xavfsizlikda ko‘proq mas’uliyat oladi. AQSh Saudiya Arabistoniga F-35 samolyotlari va 300 ta Amerika tanki sotishni ma’qulladi. Bu minglab amerikaliklar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishi aytilmoqda.
Iqtisodiy yo‘nalishlarda taraflar savdo to‘siqlarini kamaytirish, AQSh standartlarini tan olish, investitsiyalarni himoya qilish bo‘yicha yangi muzokaralarni boshlashga kelishib oldi. Saudiya avtomobillar uchun AQShning FMVSS xavfsizlik standartlarini tan olishi esa amerikalik ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozor ochadi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Tramp Saudiya Arabistoniga F-35 qiruvchi samolyotlari sotilishini tasdiqlagani haqida yozgan edi.

