BMTning COP30 iqlim konfrensiyasi paytida yong‘in yuz berdi. Bu haqda The New York Times xabar bermoqda. Hodisa 20-noyabr kuni tushdan keyin sammitning asosiy kirish qismida joylashgan pavilionlardan birida boshlangan.
Hozircha yong‘in sababi noma’lum. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u Afrika mavzusiga bag‘ishlangan pavilionda boshlangan bo‘lishi mumkin. Yong‘in boshlangach, ishtirokchilar shoshilinch ravishda evakuatsiya qilindi. Oq chodirlar bilan qurilgan katta maydonchadan quyuq tutun ko‘tarilgan. Mobil videolarda tomning yonib tushgani va alangalar reklama bannerlariga yaqinlashgani ko‘rinadi.
Boshida BMT va Braziliya rasmiylari aniq ma’lumot bermadi. Ammo sammit rahbariyati yong‘in taxminan yarim soat ichida nazoratga olinganini bildirdi. BMTning keyingi bayonotida yong‘in atigi olti daqiqada bartaraf etilgani va 13 kishiga tutun yutgani sabab tibbiy yordam ko‘rsatilgani aytildi.
Soat 15:00 dan boshlab odamlar yana markazga qayta boshladi, ammo ular yana tashqariga chiqarildi. Rasmiylarga ko‘ra, delegatlar muzokara zallariga kechki paytga qadar qayta kira olmaydi.

Bu voqea sammit bo‘yicha tanqidlar kuchaygan bir paytga to‘g‘ri keldi. Kuchli yomg‘ir sabab yig‘ilish xonalariga suv sizib kirgani, ovqat yetishmasligi va konditsionerlar issiq va namlikni ushlab tura olmagani haqida shikoyatlar ko‘paygan edi. BMTning iqlim bo‘yicha rahbari Simon Stiell xavfsizlik kuchaytirilishi kerakligini aytib, ochiq qolgan eshiklar va namlik sabab nosoz bo‘lgan yoritish moslamalarini xavf sifatida tilga olgan.
Yong‘in sodir bo‘lgan hudud mamlakatlar o‘z pavilyonlarini qurgan asosiy kirish qismi bo‘lib, bu yerda ular iqlim o‘zgarishiga qarshi ko‘rilayotgan choralarni namoyish etadi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Turkiyada atir zavodida yong‘in chiqib, olti kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

