O‘zbekiston joriy yilda Global innovatsiyalar indeksida 14 pog‘ona yuqorilab, 79-o‘rinni egalladi. Bu natija mamlakatning innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, intellektual mulkni himoya qilish va yangi texnologiyalarni joriy etish borasida olib borayotgan islohotlari samaradorligini ko‘rsatadi.
Mamlakatda intellektual mulk obyektlarining umumiy soni 102 mingdan oshdi. Xorijda o‘zbek brendlarini himoya qilish kengaydi, shuningdek, O‘zbekistonga kirayotgan xorijiy brendlarning huquqiy himoyasi mustahkamlandi. Shu bilan birga, Samarqand noni, Chust pichoqlari, Marg‘ilon adrasi kabi milliy mahsulotlarni o‘zida mujassam etgan 23 ta geografik ko‘rsatkich ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Markaziy va Janubiy Osiyoda O‘zbekistonning o‘rni
Ushbu hududda O‘zbekiston innovatsion rivojlanish bo‘yicha 3-o‘rinni egalladi. Hududning yetakchisi Hindiston bo‘lib, u global reytingda 38-o‘rinda turadi. Undan keyin Eron (70-o‘rin) joylashgan. O‘zbekiston esa o‘z faol innovatsion siyosati evaziga mintaqadagi eng faol rivojlanayotgan davlatlar qatoriga kirdi.
Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlarning o‘rinlari quyidagicha:
- Qozog‘iston — 81-o‘rin
- Qirg‘iziston — 96-o‘rin
- Tojikiston — 108-o‘rin
Avvalroq Qaynoq24.uz o‘zbek noni dunyoning eng yaxshi 50 noni qatoriga kirgani haqida yozgan edi.

