Xiaomi smartfonlarining 5 asosiy kamchiligi

Foto: Xiaomi
Jonibek Juraqulov
5 Daqiqa o‘qish

Smartfon bozorida Xiaomi o‘z o‘rniga ega. Ushbu maqolada Xiaomi smartfonlarining 5 asosiy kamchiligi va ularning ko‘p tanqid qilinish sabablari haqida so‘z boradi.

1.Model ko‘p, chalkashliklar bor

Xiaomi va Redmi smartfonlaridagi eng katta muammolardan biri — modellarning haddan tashqari ko‘pligi. Masalan, Redmi Note 14 seriyasining o‘zi o‘n xil versiyadan iborat. Ular nomiga qaraganda o‘xshash, lekin texnik jihatdan mutlaqo farq qiladi. Ba’zi modellar faqat 4G bilan ishlaydi, boshqalari 5G qo‘llab quvvatlaydi. Ayrimlari faqat Xitoy bozoriga mo‘ljallangan bo‘ladi, boshqalari Hindiston yoki global versiya sifatida chiqariladi. Kameralar, batareya quvvati, tezkor zaryad, suvdan himoya kabi jihatlar ham bir biridan farqlanadi. Shuning uchun oddiy xaridor uchun to‘g‘ri modelni tanlash ancha mushkul.

Foto: Tech advisor

Do‘stingizga yoki o‘zingizga Xiaomi sotib olmoqchi bo‘lsangiz, har safar qaysi model yaxshiroq degan savolni yana boshqatdan ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi. Yana bir qiziq holat: POCO F7 Pro aslida Redmi K80 ning aynan o‘sha temirga asoslangan kloni. Lekin undagi algoritmlar, kamera ishlashi, hatto batareya optimizatsiyasi boshqacha. Bir xil apparat bo‘lsa ham, dasturiy farqlar sabab ular butunlay boshqa mahsulotga aylanadi. Bu esa xarid jarayonini yanada murakkablashtiradi.

2.Arzon va qimmat modellarda tajriba juda farq qiladi

Xiaomi qurilmalarida hamyonbop va qimmat modellarning imkoniyatlari orasida katta tafovut bor. Brendning umumiy tamoyiliga ko‘ra, narx qancha past bo‘lsa, tizimda reklama, keraksiz ilovalar va push xabarlar shuncha ko‘p bo‘ladi. Arzon Redmi yoki POCO smartfonini yoqqaningizda, dastlabki sozlash jarayonidayoq qurilma qo‘shimcha ilovalarni o‘rnatishga urinadi. Menyularda reklama oynalari chiqishi, ilovalar ichida aksiyalar va tavsiyalar paydo bo‘lishi esa oddiy holga aylangan. Bu yondashuv Xitoy bozorida odatiy biznes modeli bo‘lishi mumkin, ammo foydalanuvchi uchun bezovta jarayonga aylanadi.

Texnik imkoniyatlarda ham farq seziladi. Sun’iy intellekt funksiyalari qimmat modellarda deyarli mukammal ishlasa, arzon qurilmalarda natija unchalik yaxshi emas. Masalan, suratdagi obyektlarni o‘chirish funksiyasi yuqori segmentda tabiiy ishlaydi, arzon versiyalarda esa tasvirda loyqa dog‘ qoladi. Bu funksiyalarning ayrimlari serverda qayta ishlanadi, demak kompaniya byudjet modellarga ataylab oddiyroq neyron tarmoq algoritmlarini beradi degan gumon paydo bo‘ladi. Natijada foydalanuvchi tajribasi narxga qarab keskin o‘zgaradi.

Foto: tech radar

3.Ilovalardagi reklamalar

Xiaomi ko‘pincha “tizimning o‘zida reklama yo‘q” deb ta’kidlaydi. Aslida bu gap to‘g‘ri, lekin amaliyotda vaziyat biroz boshqacha. Reklama tizimning ichida emas, balki standart ilovalarda yashiringan bo‘ladi. Masalan, Mi Browser ishga tushirilganda avval reklama banneri ko‘rinadi, shundan keyin internetdan foydalanish mumkin bo‘ladi. Mi Video dasturida ham turli tavsiyalar chiqadi. Temalar bo‘limida dizaynlar orasida reklama joylashadi. Galereya ichida “tavsiyalar” deb nomlangan oynalar paydo bo‘ladi. Xotira tozalagichda esa turli xizmatlar taklif qilinadi.

Ularning barchasini o‘chirib qo‘yish mumkin, lekin bu uchun vaqt ketadi. Har bir ilovaning ichki sozlamalariga kirib chiqish kerak bo‘ladi. Yaxshi tomoni shundaki, reklama o‘chirib qo‘yilgach, tizim ancha toza ishlaydi. Ammo kamchilik bor — odamlarning aksariyati bunday sozlamalarni qaerdan topishni bilmaydi. Natijada, reklama bor qurilma deb o‘ylab, telefonning o‘zi yomon degan xulosa chiqarishadi.

4.Xitoy va global HyperOS — ikki xil tajriba

Xiaomi smartfonlarining Xitoy bozori uchun chiqarilgan versiyalari ko‘pincha global variantdan qulayroq hisoblanadi. Buning bir necha sababi bor. Avvalo, Xitoy versiyasida yangilanishlar ancha tez chiqadi. Dasturiy ta’mirlar va yangi funksiyalar birinchi navbatda aynan shu modellarga beriladi. Xitoy qonunchiligi ishlab chiqaruvchilarni ortiqcha ilovalarni o‘chirib tashlash imkonini majburiy tartibda taqdim etishga undaydi.

Foto: Mobile review

5.Ba’zi texnik muammolar

So‘nggi yillarda Xiaomi smartfonlarida qizish muammosi tez tez uchray boshladi. Ko‘pincha telefon hech qanday og‘ir vazifa bajarmayotgan bo‘lsa ham, qo‘lga olganingizda sezilarli issiqlik paydo bo‘ladi. Buni kuchli protsessorlar ishlatilishi yoki dasturiy optimizatsiya yetarli darajada mukammal bo‘lmagani bilan izohlash mumkin. Savdo boshlanganidan keyin yangilanishlar orqali bunday holatlar odatda kamayadi, lekin qurilmaning dastlabki holati ideal bo‘lmaydi.

Yana bir jihat — benchmark natijalari. Xiaomi yangi flagman modellarida maksimal ball ko‘rsatishga intiladi. AnTuTu reytinglarida rekord natijalar qayd etiladi, lekin bu jarayonda qurilma harorati 50–52 darajagacha ko‘tariladi. Ba’zi stress testlarda telefon o‘zini o‘chirib qo‘ygan holatlar ham uchragan. Oddiy hayotda bu muammo bo‘lmaydi, lekin rekord natija uchun qurilmani haddan tashqari bosim ostida ishlatish amaliyoti kuzatiladi.

Avvalroq Qaynoq24.uz nashri 2025-yilning eng yaxshi kameraga ega smartfonlari haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.