Vyetnamda suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 90 taga yetdi

Foto: Getty images
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Vyetnamda suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 90 taga yetdi. Mamlakat ekologiya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 23-noyabr holatiga ko‘ra halok bo‘lganlar soni 90 nafarga yetgan. Yana 12 kishi bedarak yo‘qolgan.

Yomg‘irlar oktabr oxiridan beri tinmay yog‘moqda. Mashhur sayyohlik maskanlari bo‘lgan janub-markaziy hududlar bir necha marta suv ostida qoldi. Ayrim joylarda yog‘ingarchilik hajmi bir haftada 1 900 millimetrdan oshdi.

Eng ko‘p talafot Dak Lak viloyatida qayd etildi. 16-noyabrdan buyon halok bo‘lganlarning 60 dan ortig‘i aynan shu tog‘li hududda ro‘yxatga olingan. O‘n minglab uylar suv ostida qolgan.

Qutqaruvchilar Gia Lay va Dak Lak viloyatlarida qayiqda uylarning derazalarini ochib, tomlarini yorib odamlarni qutqardi. Havo kuchlari va politsiya aholining xavfsiz joylarga ko‘chirilishiga yordam berdi. Binh Dinh viloyatidagi Quy Nhon shahrida esa shifoxonalarga oziq-ovqat yetkazish qiyinlashgani aytildi.

Dak Lakdagi Ba daryosida suv sathi 1993-yildagi rekorddan oshdi. Khanh Hoa viloyatidagi Cai daryosida ham suv eng yuqori darajaga chiqdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 235 mingdan ortiq uy suvga botgan. 80 ming gektarga yaqin ekin maydonlariga zarar yetgan. Tabiiy ofat iqtisodiyotga hozircha 8,98 trln dong (taxminan 341 mln dollar) zarar keltirdi.

Yanvar-oktabr oylarida ekstremal ob-havo hodisalari Vyetnamda jami 279 kishining o‘limi yoki yo‘qolishiga sabab bo‘lgan. Zararning umumiy miqdori 2 mlrd dollardan oshgan.

Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Vyetnamdagi kuchli yomg‘ir 41 kishining hayotiga zomin bo‘lgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.