2025-yil 25-noyabr kuni soat 09:00 holatiga ko‘ra avtomatik monitoring stansiyalari Toshkent shahri havo sifati bo‘yicha navbatdagi ko‘rsatkichlarni e’lon qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, PM10 miqdori 215 mkg/m3 bo‘lib, bu ruxsat etilgan 300 mkg/m3 me’yoridan oshmagan.
Shu bilan birga, PM2,5 zarrachalari miqdori 153 mkg/m3 ga yetdi. Bu ko‘rsatkich ruxsat etilgan me’yor — 60 mkg/m3 dan 2,5 baravar yuqori. Mutaxassislarning qayd etishicha, mayda dispersli zarrachalarning oshishi inson salomatligi uchun katta xavf tug‘diradi, chunki ular nafas yo‘llariga chuqur kirib borishi mumkin.
Ko‘rsatkichlarning keskin oshishiga havo haroratidagi o‘zgarishlar ham sabab bo‘lgani ma’lum qilindi. Haroratning birdaniga pasayishi yoki ko‘tarilishi inversiya jarayonini yuzaga keltiradi. Bu jarayon havoning past qatlamlarida harakatni cheklaydi va mayda zarrachalarning to‘planib qolishiga olib keladi. Natijada, ularning atmosfera havosidagi konsentratsiyasi ortadi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha komissiya tuzilgani haqida yozgan edi.

