Toshkent viloyati va Toshkent shahrida yirik yer maydoni bilan bog‘liq korrupsion holatlar fosh qilindi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
DXX, IIV hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti o‘tkazgan tezkor tadbirlarda bir nechta shaxslar pul olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Birinchi holatda viloyat hokimligining bosh mutaxassisi, Toshkent shahridagi xususiy notarius yordamchisi, rieltor va yana bir shaxs tadbirkorning ishonchiga kiradi. Ular Chirchiq shahrida ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi MChJ tasarrufidagi 8,5 gektar yer maydonini 6 mln 800 ming AQSh dollariga sotib berishni va hududga elektr, gaz, oqova tarmoqlarini tortib berish bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishni va’da qiladi. Bundan tashqari, qurilish ishlari uchun tegishli ruxsatnoma olib berish evaziga qo‘shimcha 500 ming AQSh dollari, jami 7 mln 300 ming dollar talab qiladi.
Tezkor tadbir chog‘ida ular so‘ralgan puldan 160 ming AQSh dollarini olayotganda ushlandi. Ular ustidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov davom etmoqda.
Ikkinchi holatda Toshkent shahrida yashovchi fuqaroga tegishli bo‘lgan masala o‘rganildi. U 2022-yil oktabrda Yashnobod tumanida 80 m² yer maydonini “E-auksion” orqali yutib, 49 yilga ijara huquqini oladi. Biroq qurilish ishlari turli sabablar tufayli to‘xtab qoladi va yer uzoq vaqt bo‘sh yotadi. Shu sabab 2025-yil sentabrda tuman hokimligi ijara shartnomasini bekor qilish bo‘yicha sudga murojaat qiladi.
Tadbirkor tomonidan asoslovchi hujjatlar taqdim etilgach, sud uning foydasiga qaror chiqaradi. Jarayonlarda da’vogarning vakili sifatida qatnashgan Yashnobod tuman hokimligi bosh yuriskonsulti esa o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bermaslik evaziga 5 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXXning Toshkent shahar boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u 4 ming AQSh dollarini olayotganida qo‘lga olindi. Mazkur shaxsga Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Surxondaryoda va Farg‘onada yer savdosi bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etilgani haqida yozgan edi.

