Har kuni 137 ayol va qiz yaqinlari tomonidan o‘ldirilmoqda — BMT

Foto: Spencer Clarke Group
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Xalqaro Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni tugatish kuni munosabati bilan BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha idorasi (UNODC) hamda UN Women tashkiloti tomonidan 2025 yilgi femitsid hisoboti e’lon qilindi. Hisobotga ko‘ra, 2024 yilda 83 000 ayol va qiz qasddan o‘ldirilgan.

Yuqoridagi raqam har 10 daqiqada bir, kuniga o‘rtacha 137 ayol yoki qiz oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lishini anglatadi. Taqqoslash uchun: erkaklar o‘ldirilishining atigi 11 foizi oila yoki juftlar tomonidan sodir etilgan.

UN Women siyosiy bo‘limi direktori Sara Hendriks ta’kidlashicha, femitsid odatda onlayn yoki oflayn boshlanadigan nazorat, tahdid va ta’qib kabi zo‘ravonlikning uzluksiz zanjiriga bog‘liq. Uning fikricha, zo‘ravonlikni erta bosqichda aniqlaydigan va jazo muqarrarligini ta’minlaydigan qonunlar zarur.

UNODCning bosh direktori vazifasini bajaruvchi Jon Brandolino esa uy muhiti ko‘plab mamlakatlarda ayollar uchun eng xavfli maskan bo‘lib qolayotganini bildirdi. U femitsidga qarshi samarali profilaktika va adliya tizimini kuchaytirishga chaqirdi.

Hisobotga ko‘ra, oilaviy femitsidlar eng yuqori darajada Afrikada (100 000 ayolga 3 holat), undan keyin Amerika qit’asi (1,5), Okeaniya (1,4), Osiyo (0,7) va Yevropa (0,5) qayd etilgan. BMTga ko‘ra, uy tashqarisida sodir etiladigan gender asosidagi qotilliklar bo‘yicha aniq statistika uchun mamlakatlarda ma’lumot yig‘ish tizimlarini takomillashtirish zarur.

UN Women dunyo miqyosida ayollar huquqlari va gender tengligini ilgari surishga mas’ul yetakchi BMT tuzilmasi bo‘lib, ayollar va qizlar hayoti xavfsiz, adolatli va teng bo‘lishi uchun islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Avvalroq BMT iqlim sammitida yong‘in chiqqani haqida xabar berilgandi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.