O‘zbekistonda uyma-uy dars beradigan o‘qituvchilar uchun yo‘lkira puli beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, uyda yakka tartibda o‘qitiladigan o‘quvchilarga dars berayotgan umumta’lim maktablari o‘qituvchilari, jumladan bir xil yoshdagi va bitta manzilda yashovchi ikki yoki undan ortiq o‘quvchini o‘qitayotgan pedagoglar uchun har oyda BHMning bir baravari miqdorida yo‘l kompensatsiyasi to‘lanadi. Mazkur kompensatsiya maktabdan o‘quvchining yashash joyigacha bo‘lgan masofa kamida 1,5 kilometr bo‘lgan taqdirda beriladi.
Bir o‘quvchiga bir nechta o‘qituvchi biriktirilgan hollarda esa to‘lov har bir pedagogning oylik amalda o‘tilgan soatlar ulushi hamda o‘quvchining o‘quv rejasidagi soatlar miqdoriga mutanosib tarzda amalga oshiriladi.
Qarorda, shuningdek, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachisi yoki tibbiyot hamshirasi vaqtincha ishda bo‘lmaganida ularning vazifalarini bajarish ichki buyruq asosida o‘rindoshlik tartibida rasmiylashtirilishi belgilangan.
Bunday hollarda vazifani bajaruvchi xodimga to‘lov 100 foiz miqdorda amalga oshiriladi, boshqa lavozimlarda esa bu ko‘rsatkich 50 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, o‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimning jami ish yuklamasi 1,5 stavkadan oshishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qaynoq24.uz bojxona qiymati deklaratsiyasining to‘ldirilish tartibi belgilangani haqida yozgan edi.

