Qirg‘izistonning Issiqko‘l hududida o‘tkazilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida ko‘l tubidan o‘rta asrlarga oid yirik shahar qoldiqlari topildi. Bu haqda Science-mail xabar bermoqda.
Mutaxassislar bu topilmani suv ostida qolgan Pompey shahrining fojiasiga tenglashtirmoqda. Rossiyalik va qirg‘iz olimlari aniqlashicha, Tyan-Shan tog‘lari bilan o‘ralgan, tabiiy oqimi bo‘lmagan ko‘lning suv darajasi asrlar davomida ko‘tarilishi natijasida qadimgi shahar bir necha metr chuqurlikda suv ostida qolib ketgan.
Tadqiqotlar Issiqko‘lning shimoli-g‘arbiy qismidagi Tору-Aygyr majmuasida olib borilgan bo‘lib, bu yerda qizigan g‘ishtdan qurilgan binolar, yirik keramika idishlari, o‘rta asr nekropoliga oid qabristonlar va hatto don maydalashga xizmat qilgan tegirmon g‘ildiraklari topilgan. Topilmalar o‘sha davrda bu hududda musulmon jamoasi istiqomat qilganini ko‘rsatadi: qabrlar qiblaga qaragan holda dafn qilingan, shahar hududida masjidlar, hammomlar va madrasalar bo‘lgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Ekspeditsiya rahbari, Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi olimi Valeriy Kolchenkoning aytishicha, mazkur shahar Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim savdo markazlaridan biri bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, XV asr boshlarida sodir bo‘lgan halokatli zilzila shaharni butunlay vayron qilgan, yerning bir qismi suv ostida qolgan. Olimlar talafotlar paytida aholining aksariyati allaqachon hududni tark etganini taxmin qilmoqda.
Fojia ortidan mintaqaning etnik tarkibi keskin o‘zgargan, rivojlangan o‘rta asr shahri o‘rnini ko‘chmanchi xalqlar egallagan. Bu kashfiyot Markaziy Osiyodagi o‘rta asr sivilizatsiyasining ko‘lami, savdo aloqalari va madaniy hayoti haqida yangi tasavvurlar beradi.
Qaynoq24.uz Qozog‘istonda 2,5 ming yillik sak jangchisining qabri topilgani haqida yozgan edi.

