Atom elektr stansiyasi (AES) loyihasiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvlari o‘tkaziladi. Bu haqda Uzatom agentligi xabar bermoqda. Tadbir 23-dekabr kuni soat 11:00 da Jizzax viloyati Forish tumani Bog‘don aholi punktidagi 30-son Madaniyat markazida bo‘lib o‘tadi.
Loyiha doirasida umumiy quvvati 2110 MVt bo‘lgan atom elektr stansiyasi barpo etilishi rejalashtirilgan. Mazkur kompleks yiliga 16–17 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi, mamlakatning umumiy energiya balansida esa 12–15 foizlik ulushni ta’minlashi mumkin. AESning ekspluatatsiya muddati 60 yil etib belgilangan. Qurilish jarayonida 13 ming nafargacha, ishga tushirilgach esa 2 ming nafargacha yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston AES loyihasining bosh pudratchisi “Atomstroyeksport” AJ hisoblanadi. Bu kompaniya “Rosatom” davlat korporatsiyasining muhandislik divizioni bo‘lib, atom elektr stansiyalari qurilishi bo‘yicha dunyodagi eng yirik eksport portfellaridan biriga ega.
Loyiha xavfsizlik bo‘yicha zamonaviy talablarga to‘liq mos keluvchi ilg‘or texnologiyalar — VVER-1000 va RITM-200N reaktorlaridan foydalanishni nazarda tutadi. Ushbu reaktorlar yuqori darajadagi ishonchliligi, energiya samaradorligi va xavfsizlik standartlari bilan ajralib turadi.
Qaynoq24.uz AQSh “Rosatom” qurayotgan Vengriya AES loyihasiga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilgani haqida yozgan edi.

