Hindiston Rossiyadan Su-57 qiruvchi samolyotlari va S-500 havo mudofaa tizimlarini xarid qilishi mumkin. Bloomberga nashrining yozishicha, Hindiston hukumati prezident Vladimir Putinning ushbu haftadagi tashrifi chog‘ida Rossiyadan yangi jangovar samolyotlar va havo mudofaasi tizimlarini xarid qilish yuzasidan muzokaralarni boshlashni rejalashtirmoqda.
Xabarga ko‘ra, tomonlar Su-57 rusumli zamonaviy qiruvchi samolyotlar hamda S-500 havo mudofaasi majmuasining yangilangan versiyasi bo‘yicha hamkorlikni muhokama qiladi. Ushbu kelishuv AQSh bilan savdo aloqalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki Donald Tramp ma’muriyati Dehli va Moskva o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning qisqarishini istaydi.
Bosh vazir Narendra Modi so‘nggi yillarda AQSh bilan aloqalarni mustahkamlagan bo‘lsa-da, mamlakatning Rossiya bilan uzoq yillik strategik hamkorligini davom ettirib kelmoqda. Hindiston keyingi yillarda turli Yevropa davlatlari va AQShdan ko‘proq qurol xarid qilgan bo‘lsa-da, Rossiya hamon asosiy yetkazib beruvchi hisoblanadi.
Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020–2024-yillar davomida Hindistonning Rossiyadan qurol xaridi sezilarli kamaygan bo‘lsa-da, yetkazib berish bo‘yicha Moskva yetakchiligicha qolmoqda.
Hindiston Mudofaa kotibi Rajesh Kumar Singxning aytishicha, Rossiya bilan harbiy hamkorlik uzoq yillik an’anaga ega va mamlakat bu yo‘nalishda to‘xtashni rejalashtirmaydi. Hindiston Rossiya va AQShdan qurol xarid qilishni davom ettiradi.
Qaynoq24.uz Hindiston Rossiya neftidan voz kechishga tayyorlanayotgani haqida yozgan edi.

