Farg‘ona va Namangan viloyatlarida hokimlik tizimida faoliyat yurituvchi bir nechta mansabdor shaxslarning korrupsion harakatlari fosh etildi. Tezkor tadbirlar Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan.
Farg‘onada Bo‘g‘dod tuman hokimining o‘rinbosari 8 ming dollar olgan paytda ushlandi. Tekshiruvda u Beshariq tumanida yashovchi fuqaro “onlayn auksion” orqali yutib olgan 2,4 sotix yer maydonini boshqa shaxsga mulk qilib rasmiylashtirib berishni va’da qilgani ma’lum bo‘ldi.
Namangan shahrida esa hokim yordamchisi “Yashil makon” loyihasi doirasida ajratilgan yerning 8 sotix qismi uchun dalolatnoma rasmiylab berish, bir yil foydalanishga ruxsat berish va keyinroq yer toifasini turar-joyga o‘tkazib berishni va’da qilib, buning evaziga 6 ming dollar talab qilgan. U kelishilgan pulni olayotganda qo‘lga olindi.
Yangi Namangan tumanida ham shunga o‘xshash holat kuzatildi. Hokim yordamchisi tuman hokimligi va kadastrdagi tanishlari orqali davlat zaxirasidagi 12 sotix yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga 16 ming dollar so‘ragan. U avans sifatida olgan 6 ming dollar bilan ushlandi.
Mazkur uch holat bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz chegaradan noqonuniy olib o‘tilgan oltinlar fosh etilgani haqida yozgan edi.

