Android operatsion tizimida maxfiy ilovalar uchun mo‘ljallangan Private Space nomli yangi imkoniyat paydo bo‘ladi. Bu haqda Android Authority nashri dastlabki Android Canary versiyasi kodlarini o‘rganish jarayonida ma’lum qilgan.
Yangi tizim funksiyasi foydalanuvchilarga smartfon ichida alohida, izolyatsiya qilingan makon yaratishga imkon beradi. Ushbu maxsus bo‘limga joylashtirilgan ilovalar qurilmaning asosiy tizimi bilan bog‘lanmaydi, boshqa dasturlarga ko‘rinmaydi hamda qidiruv orqali topilmaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Private Space’dagi dasturlar butunlay boshqa foydalanuvchi profili asosida ish yuritadi, shu sababli ularning izlari umumiy tizimda ko‘rinmaydi.
Shu bilan birga, funksiyaning qulaylik darajasi unchalik yuqori emas. Yashirilgan ilovalarni ochish uchun har safar Private Space bo‘limiga kirib, parol kiritish yoki barmoq izini tasdiqlash talab etiladi. Bundan tashqari, mazkur ilovalar boshqa dasturlar bilan erkin fayl almasha olmaydi. Expertlar bu funksiyaning asosiy vazifasi qulaylik emas, aynan maxfiylikni oshirish ekani ta’kidlamoqda.
Avval ayrim smartfon ishlab chiqaruvchilari o‘z interfeyslarida shunga o‘xshash imkoniyatni taklif qilgan edi. Biroq Private Space ilk bor Android tizimining o‘zida, ya’ni operatsion tizim darajasida rasmiy funksiyaga aylanishi kutilmoqda. Nashrning taxminiga ko‘ra, bu imkoniyat Android 17 versiyasida to‘liq joriy qilinadi.
Qaynoq24.uz Android tizimida 100 dan ortiq xavfli zaifliklar aniqlangani haqida yozgan edi.

