Suriyadagi to‘y marosimida portlash natijasida 33 kishi jarohatlandi

Foto: Sana
Mohinur Rajabova
1 Daqiqa o‘qish

Suriyaning g‘arbiy Daraa viloyatidagi Abidin shaharchasida to‘y marosimi vaqtida portlash sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida 33 kishi jarohatlandi. Bu haqda Suriya rasmiy axborot agentligi — SANA xabar bermoqda.

Daraa viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Ziyod al-Mahamidning ma’lum qilishicha, jarohatlanganlar orasida bolalar ham bor. U barcha jabrlanganlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini ta’kidladi. Favqulodda tibbiy choralar ishga tushirilgan va bemorlar bir nechta tibbiyot muassasalariga joylashtirilgan.

Abidin va Maariya munitsipal kengashi rahbari Muvaffaq Mahmudning bildirishicha, noma’lum shaxslar to‘y o‘tayotgan joyga ikki dona qo‘l granatasini uloqtirgan. Natijada marosim ishtirokchilari turli darajada jarohat olgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jarohatlar asosan yengil va o‘rtacha darajada bo‘lib, bir holatda jabrlanuvchining oyog‘i amputatsiya qilingan. Mazkur shaxs og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

Shuningdek, Abidin shaharchasi meri Jamal al-Ibrohim portlashdan so‘ng Al-Arida qishlog‘i yaqinida uchta texnikadan iborat Isroil patruli kuzatilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, patrul hodisa joyiga yaqinlashmagan va o‘zining odatiy joylashuv hududida qolgan.

Hozirda voqea yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Qaynoq24.uz Suriyada o‘q-dori omboridagi portlash kamida besh kishining hayotiga zomin bo‘lgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.