Andijon va Samarqand viloyatlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar bermoqda.
Andijon shahrida Departamentning shahar bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida avval sudlangan fuqaro Sh.U., shuningdek D.K. va S.M. kuchli ta’sir qiluvchi moddalar tarkibiga ega bo‘lgan “Tropikamid” va “Regapen” dori vositalarini sotayotgan vaqtida ushlandi. Tadbir davomida ulardan 11 dona “Tropikamid”, 45 dona “Regapen” dori vositalari aniqlandi.
Shuningdek, fuqaro D.K.ning yonidan 1,85 gramm “gashish” giyohvandlik moddasi topilib, barchasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Samarqand viloyatida esa Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro G.I. fuqaro M.A.ga 32 dona “Torgobalin” 150 mg nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Tekshiruv jarayonida undan yana 40 dona “Gee-baralgin” dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251¹-moddasi hamda 276-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz 30 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositasi musodara qilingani haqida yozgan edi.

