Qozog‘istondagi sovuq oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Tengrinews.kz nashri G‘arbiy Qozog‘iston viloyati politsiyasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 15-dekabr holatiga G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida noqulay ob-havo tufayli jami to‘rt nafar shaxs vafot etgan. Avvalroq viloyatning Janibek, Bokeyorda, Kaztalov va Akjayik tumanlarida besh kishi bedarak yo‘qolgani xabar qilingan edi. Keyinchalik qutqaruvchilar uch nafar qishloq aholisining jasadini topgan.
Shuningdek, Akjayik tumanida yashovchi 54 yoshli erkak sovuq urishi bilan topilib, qo‘l-oyoqlarida kuchli muzlash alomatlari aniqlangan. U shoshilinch ravishda Uralsk shahriga yotqizilishi rejalashtirilgan.
Yana bir fuqaro hanuz bedarak yo‘qolgan. Gap 1966-yilda tug‘ilgan erkak haqida bormoqda. U 13-dekabr kuni Janibek tumani Kuygenkul qishloq okrugidagi “Buxar” qishlog‘idan chiqib ketgan va qaytib kelmagan.
Viloyat politsiyasi xabariga ko‘ra, qidiruv ishlariga Favqulodda vaziyatlar xizmati bo‘linmalari, qutqaruv batalyonining 20 nafar harbiy xizmatchisi, huquq-tartibot idoralari xodimlari hamda mahalliy aholi jalb etilgan. Qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, 13–14-dekabr kunlari viloyatning Janibek, Bokeyorda, Jangalin va Kaztalov tumanlaridagi 10 ta avtomobil yo‘lida harakat vaqtincha cheklangan. Ayrim yo‘nalishlarda yuk va yo‘lovchi transportlari uchun qatnov to‘liq to‘xtatilgan.
Qaynoq24.uz Qozog‘istonda ayollar uchun ish haftasini qisqartirish taklif qilingani haqida yozgan edi.

