Andijon viloyatida fermer xo‘jaligi yer maydonini sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Asaka tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqarolar V.T. va X.S. qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, ular Asaka tumanidagi “Y.M.” fermer xo‘jaligiga tegishli, “Yuqori Bo‘z” MFY hududida joylashgan 0,6 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, ushbu yer uchastkasini fuqaro U.K.ga 25 ming AQSh dollariga sotishga kelishgan.
Shuningdek, gumonlanuvchilar yer maydoni bo‘yicha kadastr hujjatlarini keyinchalik rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Tezkor tadbir davomida ular 22,5 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 229-moddasi (o‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Oqdaryoda kuchli ta’sir qiluvchi dori savdosiga chek qo‘yilgani haqida yozgan edi.

