Hindistonning Air India aviakompaniyasi 2012-yildan beri yo‘qolgan, deb hisoblangan Boeing 737-200 samolyotini aniqladi. Bu haqda Britaniyaning Daily Mail nashri xabar berdi. Ma’lum bo‘lishicha, layner ushbu davr mobaynida Kalkutta aeroportida harakatsiz holda turib kelgan.
Nashr yozishicha, samolyot deyarli 13-yil davomida foydalanilmagan. Uning “yo‘qolishi”ga byurokratik anglashilmovchiliklar sabab bo‘lgan. Dastlab havo kemasi Indian Airlines ro‘yxatida bo‘lgan. Ushbu kompaniya 2007-yilda Air India bilan birlashganidan so‘ng, layner yuk tashish uchun qayta jihozlanib, India Post pochta xizmatiga ijaraga berilgan.
Samolyot Kalkutta aeroporti hududida taxminan 10-yil davomida qolib ketgan. Uni faqat aeroport ma’muriyati aviakompaniyaga murojaat qilib, harakatga xalaqit berayotgan havo kemasini olib ketishni so‘raganidan so‘ng aniqlashgan.
Uzoq yillik to‘xtab turish oqibatida aviakompaniyaga 85 ming funt sterling miqdorida “parkovka jarimasi” hisoblangan.
Qaynoq24.uz Pashinyan samolyoti Moskva aeroportiga qo‘na olmagani haqida yozgan edi.

