Qozog‘istonda avtomobil ko‘prigi qulab tushdi

Foto: Tengrinews
Mohinur Rajabova
1 Daqiqa o‘qish

Qozog‘istonning Turkiston viloyati Keles tumanida joylashgan Keles daryosi ustidagi avtomobil ko‘prigi qulab tushdi. Hodisa Qoshqarata qishlog‘i hududida sodir bo‘lgan. Bu haqda Tengrinews.kz nashri xabar berdi.

Tuman hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ko‘prik qulashidan so‘ng mazkur hududda transport harakati to‘liq to‘xtatilgan. Aholi va yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash maqsadida transport vositalari Alpamys Batir va Birtilek qishloq okruglari orqali o‘tuvchi 10–15 kilometrli aylanma yo‘lga yo‘naltirilgan. Ushbu yo‘nalishda zarur yo‘l belgilar o‘rnatilib, mas’ul xizmatlar nazorati kuchaytirilgan.

Voqea joyida favqulodda vaziyatlar xizmati, politsiya va mahalliy ijro hokimiyati vakillari ish olib bormoqda. Rasmiylarga ko‘ra, vaziyat barqaror bo‘lib, mutaxassislar ko‘prikning texnik holatini o‘rganib, xulosa taqdim etadi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat ahamiyatidagi KH-20 avtomobil yo‘li bo‘ylab joylashgan ko‘prikda avval yoriq paydo bo‘lgan. Hokimlik vakillari xavf ko‘prikning uzoq yillar davomida foydalanilgani va tayanch ustunlari tagining suv oqimi ta’sirida yuvilishi oqibatida yuzaga kelganini bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu ko‘prik Turkiston viloyati yo‘lovchi transporti va avtomobil yo‘llari boshqarmasi balansida hisoblanadi. Rasmiylar haydovchilarni vaqtinchalik noqulayliklarga tushuncha bilan qarashga va aylanma yo‘llardan foydalanishga chaqirdi.

Qaynoq24.uz Qozog‘istondagi sovuq oqibatida uch kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.