Hindistonning Jammu va Kashmir shtatida leopard hujumi oqibatida besh yoshli qizcha halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy OAV xabar bermoqda. Hodisa 2025-yil 16-dekabr kuni kechki payt sodir bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yirtqich hayvon Anantnag okrugining Khiram qishlog‘ida yashovchi fuqaro Riyoz Ahmadning besh yoshli qiziga uy yaqinida hujum qilgan. Leopard bolani sudrab, yaqin atrofdagi o‘rmon ichiga olib kirib ketgan.
Qizcha bedarak yo‘qolgani aniqlangach, ota-onasi va qo‘shnilar darhol xavotirga tushgan. Hududga politsiya va o‘rmon xo‘jaligi xodimlari jalb etilib, keng ko‘lamli qidiruv ishlari boshlangan. Oradan biroz vaqt o‘tib qizcha topilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.
Leopard hanuzgacha qo‘lga olinmagan. Bu holat aholi orasida vahima keltirib chiqardi, chunki so‘nggi paytlarda yirtqich hayvonlarning aholi yashash punktlari yaqinida tez-tez ko‘rinayotgani aytilmoqda. Hududga maxsus guruhlar yuborilib, leoparni tutish choralari ko‘rilmoqda.
Mahalliy hokimiyat aholini hushyor bo‘lishga, ayniqsa kechki va tungi paytlarda bolalarni yolg‘iz qoldirmaslikka chaqirdi. Hodisa yovvoyi hayvonlar bilan bog‘liq xavfsizlik choralarini kuchaytirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Qaynoq24.uz Hindistonda yo‘lbars fermerni parchalab o‘ldirgani haqida yozgan edi.

