Milliarder va Oracle kompaniyasi asoschilaridan biri Larri Ellison Warner Bros. Discovery’ni sotib olish bo‘yicha yirik bitimga shaxsan moliyaviy kafolat berdi. Bu haqda DW xabar bermoqda. U Paramount Skydance taklifi doirasida 40,4 milliard dollar miqdoridagi qaytarib bo‘lmas kafolatni o‘z zimmasiga oldi.
Ma’lum qilinishicha, Paramount Skydance Corp. Warner Bros. Discovery’ni xarid qilish shartlarini qayta ko‘rib chiqqan. Bunga kompaniya direktorlar kengashining avvalgi taklifni xavfli deb baholagani sabab bo‘lgan.
Oldingi variantda moliyaviy kafolat Ellisonlar oilasiga tegishli, qaytarib olinishi mumkin bo‘lgan trast orqali berilgan edi. WBD rahbariyati esa bunday kafolat aktivlar chiqarib yuborilishi xavfini inkor etmasligini bildirgan.
Yangi taklifga ko‘ra, Larri Ellison bitimni to‘liq moliyalashtirish va ehtimoliy da’volarni qoplash bo‘yicha shaxsiy majburiyat oldi. Shuningdek, u bitim yakunlanmaguncha trastni bekor qilmaslik va aktivlarni olib chiqmaslikka va’da berdi.
Paramount’ning umumiy taklifi qiymati 108 milliard dollarga yetmoqda. Bu Netflix’ning raqobatchi taklifidan ancha yuqori hisoblanadi. Netflix Warner Bros. Discovery aktivlarini taxminan 83 milliard dollarga baholagan.
Netflix faqat Warner Bros. studiyasi, HBO, HBO Max va o‘yinlar bo‘linmasini sotib olishni rejalashtirgan. Paramount esa WBD’ni to‘liq, jumladan CNN, TNT, TBS va Discovery global telekanallar tarmog‘i bilan birga xarid qilishni ko‘zlamoqda.
Qaynoq24.uz Warner Bros. Paramount’ning $60 mlrdlik taklifini rad etgani haqida yozgan edi.

