Uchtepa tumani hokimligi xodimi pora bilan ushlandi. Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xabar bermoqda.
Tadbir davomida Uchtepa tumani hokimligining Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi tadbirkordan 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, u joriy yilda tumanda buzilishi rejalashtirilayotgan savdo do‘konlari va boshqa obyektlar ro‘yxati tuzilayotganini bahona qilib, tadbirkorga tegishli do‘konni mazkur ro‘yxatga kiritmaslik va buzdirilmaslik evaziga pul talab qilgan.

Shuningdek, masalani tuman hokimligida yuqori lavozimda ishlovchi yaqin aloqalari orqali hal qilib berishini aytgan.
Mazkur holat yuzasidan mansabdorga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Qaynoq24.uz qariyb 32 kg narkotik modda ashyoviy dalil sifatida olingani haqida yozgan edi.

