AQSh Qurolli kuchlarining Janubiy qo‘mondonligi Venesuelaga aloqador yana bir neft tankerining qo‘lga olinganini ma’lum qildi. DW xabariga ko‘ra, “Janubiy nayza” qo‘shma tezkor guruhi dengiz piyodalari va harbiy dengizchilar ishtirokida Veronica nomli tankerni to‘xtatgan.
Operatsiya Ichki xavfsizlik vazirligi ko‘magida va USS Gerald R. Ford aviatashuvchisi ishtirokida, hech qanday hodisasiz o‘tkazilgan. AQSh harbiylariga ko‘ra, tanker AQSh sanksiyalariga tushgan kemalar uchun Karib dengizida joriy etilgan karantin talablarini buzgan.
Veronica tankeri AQSh tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiya doirasida qo‘lga olingan Venesuela bilan bog‘liq oltinchi kema bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushlash AQSh prezidenti Donald Tramp va Venesuela muxolifati yetakchisi Maria Korina Machado o‘rtasidagi Oq uydagi uchrashuv arafasida amalga oshirilgan.
“O‘rta Yevropa yangi gazetasi” xabar berishicha, Veronica tankerining egasi sifatida Rossiyaning “Burevestmarin” kompaniyasi ko‘rsatilgan.
Avvalroq, 9-yanvarda Olina tankeri qo‘lga olingan bo‘lib, bu AQShning Venesuela neftini tashishga aloqador kemalarga qarshi operatsiyasida beshinchi holat edi. AQSh rasmiylari bahosiga ko‘ra, Venesuela neft eksportining qariyb 70 foizi “soya floti” orqali amalga oshiriladi.
Qaynoq24.uz Mariya Machado Nobel medalini Trampga hadya etgani haqida yozgan edi.

