Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yol 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Korea Times nashri xabar berdi.
Seul sudi uni hibsga olish bo‘yicha order ijrosiga to‘sqinlik qilishda aybdor deb topdi. Shuningdek, hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilish va hujjatlarni soxtalashtirish holatlari tasdiqlandi. Prokuratura Yun Sok Yol uchun 10 yil qamoq jazosi so‘ragan edi.
Sud jarayonida aniqlanishicha, Sok Yol sobiq bosh vazir Han Dok Su va sobiq mudofaa vaziri Kim Yong Xyon bilan birga 2024-yilda harbiy holat joriy etish haqidagi hujjatni soxtalashtirgan. Keyinchalik ushbu hujjat yo‘q qilingan.
Sobiq prezidentga yana harbiy holat orqali isyon tashkil etishga urinish gumoni qo‘yilgan. Tergov materiallarida Pxenyanga dronlar yuborish orqali KXDRni provokatsiya qilish haqidagi versiya ham keltirilgan.
Sok Yol siyosatga kelishidan oldin prokuratura tizimida faoliyat olib borgan. U 2022-yilda prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan. Saylovoldi kampaniyasida korrupsiyaga qarshi qat’iy siyosat va islohotlarni va’da qilgan. 2024-yil oxirida esa harbiy holat bilan bog‘liq jiddiy siyosiy va sud inqirozining markazida qoldi.
Qaynoq24.uz Janubiy Koreya atom suvosti kemalariga ega bo‘lishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.

